Yurtimizda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalarini yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan, sportning o‘nga yaqin turi bo‘yicha musobaqalarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli festival yuqori kayfiyatda va qizg‘in bellashuvlar ruhida o‘tkazildi.
Bellashuvlarda ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini namoyon etib, sportning turli yo‘nalishlarida munosib raqobat olib bordilar.
Mazkur festivalda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi raisi Kaxramon Kuranbayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, universitet rektori Muxiddin Kalonov va boshqalar ishtirok etdi.
Mehmonlar “Umid qo‘rg‘oni” hududida joylashgan fakultetlar, olimpiada maydonida yaratilgan shart-sharoitlar hamda Axborot-resurs markazi faoliyati bilan tanishib, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholadilar.
Shuningdek, mehmonlar sport festivaliga ham guvoh bo‘ldi. Sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bellashayotgan yoshlarning g‘ayrati, shijoati va intilishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Uchrashuvlar davomida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning takliflari tinglandi.
Ushbu tadbir yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.









