Universitetimizda adib va ijodkorlar ishtirokida “Ma’rifat ulashish” dasturi doirasida navbatdagi ma’rifiy uchrashuvlar boshlandi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning badiiy tafakkurini rivojlantirish, adiblar hayoti va ijodini targ‘ib qilish hamda ijodkorlar bilan ochiq muloqot orqali talabalarda ma’naviy-ruhiy ko‘tarinkilikni shakllantirishdan iborat.
Uchrashuv davomida adiblar ijodi, asarlaridagi milliy qadriyatlar, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni hamda zamonaviy adabiyotga oid fikr-mulohazalar yuzasidan suhbat olib borishadi.
Tashrif buyurgan professor-o‘qituvchilar va ijodkorlar: Bahodir Karimov, Shahlo Ahrorova, Dilmurod Do‘stbekov talabalar bilan samimiy muloqot qilib, o‘z ijodiy tajribalari, hayotiy qarashlari va ma’rifiy fikrlarini ulashadilar.

“Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi” aʼzolari — Bahodir Karim, Dilmurod Doʻst va Shahlo Ahrorovalar ishtirokida adabiy uchrashuv tashkil etildi.

Dastur avvalida “Yashil makon” umummilliy tashabbusi doirasida ko‘chat ekish marosimi o‘tkazildi. Mehmonlar Bahodir Karim, Dilmurod Doʻst va Shahlo Ahrorovalar universitet rahbariyati vakillari bilan birgalikda universitet hududida yangi ko‘chatlar ekishdi.

Ko‘chat ekish jarayonlari yakunlanganidan so‘ng, mehmonlar va universitet rahbariyati Navoiy shahridagi 2-sonli hamda 22-sonli maktablar, shuningdek Navbahor tumanidagi 9-maktabga tashrif buyurishdi. Mazkur ta’lim maskanlarida yozuvchilar, universitet vakillari va maktab o‘quvchilari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etilib, adabiy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazildi. Yozuvchilar o‘z ijodiy faoliyati, hayot yo‘llari haqida so‘zlab berdilar, o‘quvchilar esa tayyorlagan dasturlarini namoyish etdilar.

Kunning ikkinchi qismida universitet faollar zalida talaba-yoshlar bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mehmonlar yozuvchilik san’ati, ma’rifatning inson hayoti va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilgan holda, qiziqarli va foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar sevimli yozuvchilaridan esdalik sovg‘alarini olishdi.

Ma’rifatparvar ijodkorlar bilan o‘tkazilgan ushbu uchrashuv ishtirokchilarda iliq taassurotlar qoldirdi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *