Navoiy davlat universitetida “Sog‘lom avlod – millat kelajagi” va “Ekofaol yoshlar” loyihalari
“Yashil bog‘” — kelajak sari muhim qadam! Karmana tumani Sardoba MFY hududida “Yashil bog‘” tashkil etildi. Ushbu ekologik tashabbus doirasida hudud ko‘kalamzorlashtirilib, yangi daraxt ko‘chatlari ekildi.
Tadbirda Navoiy davlat universiteti rektori M.Kalonov ishtirok etib, daraxt ekish jarayonida bevosita qatnashib, ushbu ezgu ishga o‘z hissasini qo‘shdi. Shuningdek, universitet talabalari ham faol ishtirok etib, atrof-muhitni asrash va yashil hududlarni kengaytirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Mazkur loyiha hududni obodonlashtirish bilan birga, ekologik madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi. Tabiatni asrash — barchamizning umumiy vazifamiz!
Bugun ushbu sana munosabati bilan Navbahor tumani “Qalqonota” qabristonining yuqori qismi hamda “Sarmishsoy” dam olish maskani yo‘li yoqasida ekologik plogging aksiyasi tashkil etildi.
Mazkur aksiya davomida ishtirokchilar atrof-muhitni tozalash, chiqindilarni yig‘ish va tabiatni asrashga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Bu kabi tashabbuslar ekologik madaniyatni oshirish va jamiyatda mas’uliyat hissini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Quvonarlisi, Navoiy viloyati “Yosh ekologlar” harakati Kengashi jamoasi ushbu plogging aksiyasida faol ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Tabiatni asrash — barchamizning burchimiz!.
Toshkent shahrida tashkil etilgan “Eko Avlod” loyihasi yoshlarning ekologik ongini oshirish, atrof-muhitni asrash va volontyorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasida turli oliy ta’lim muassasalari talabalari, jumladan, Navoiy davlat universitetining filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi talabalari Nuritdinov Dostonjon hamda Asadova Madinalar ham o‘z loyihalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Loyihaning birinchi kuni tanishtiruv tarzida tashkil etilib, unda ishtirokchilarga loyiha maqsadi, vazifalari hamda kelgusidagi rejalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar o‘z g‘oyalari, ekologik tashabbuslari va jamoaviy ishlari bilan o‘rtoqlashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Joriy yilning 9-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda loyiha vakili Shaxnoza Shavkatovna volontyorlik faoliyatining ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. U o‘z nutqida yoshlar uchun volontyorlik orqali nafaqat jamiyatga foyda keltirish, balki shaxsiy rivojlanish, yangi ko‘nikmalarni egallash va xalqaro tajriba orttirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, loyiha doirasida volontyorlar uchun turli treninglar, amaliy mashg‘ulotlar va ekologik aksiyalar tashkil etilishi rejalashtirilgani aytib o‘tildi.
“Eko Avlod” loyihasi yoshlarni birlashtirgan holda, ularni tabiatga nisbatan mas’uliyatli bo‘lishga undaydi va kelajak avlod uchun sog‘lom ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.
Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tashabbusi bilan
joriy yilning 10-aprel kuni Karmana tumani “Yangiariq” mahallasi Qarnab post yo‘lining yuqori qismi yo‘l yoqasida “Chiqindisiz tabiat!” shiori ostida hududlarni chiqindilardan tozalash maqsadida chiqindilarni saralab yig‘ish – ommaviy “Plogging” eko-aksiyasi tashkil qilindi. Tillar fakulteti talabalari ham faol ishtirok etdi.
Ekologiya milliy qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbir hududlar ozodaligini taʼminlashga, jamoatchilikda bu borada daxldorlik hisini uyg‘otishga xizmat qiladi.
Aksiya doirasida ishtirokchilar kichik guruhlarga bo‘linib, belgilangan vaqt ichida hududlarni tozalash topshirig‘ini oldilar. Ishtirokchilarga zaruriy ashyolar, yelim qop va qo‘lqoplar, antiseptik vositalar, futbolka, kepkalar tarqatildi. Eng ko‘p chiqindi to‘plagan va faol ishtirok etgan aksiya ishtirokchilari turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ushbu sanani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — keng jamoatchilikning chiqindilarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va bu orqali chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, qayta ishlash bo‘yicha tushunchalarni shakllantirish, barqaror isteʼmol va ishlab chiqarish modellarini targ‘ib qilish, aylanma iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.