Sohibqiron Amir Temur nomi jahon tarixining eng ulug‘ shaxslari safida munosib o‘rin egallab kelmoqda. U buyuk davlat arbobi, qudratli sarkarda hamda ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi sifatida insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning adolatga asoslangan davlatchilik g‘oyalari, kuchli boshqaruv tizimi va ma’rifatparvarlik siyosati bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarga mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur qarorga muvofiq yurtimizda Amir Temurning boy ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish hamda yosh avlod ongiga singdirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Navoiy davlat universitetida Turkiya Respublikasi ilmiy jamoatchiligi tomonidan nashr etilgan “Amir Temur va uning merosi” nomli ikki jilddan iborat, 1000 sahifalik kitobning taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimotda kitob mualliflaridan biri, turkiyalik taniqli olim, Navoiy davlat universiteti faxriy professori Kamal Yavuz Ataman ishtirok etdi.
Universitet rektori, professor M. Kalonov o‘z nutqida sohibqiron Amir Temurning bunyodkorlik faoliyati, bugungi kunda mamlakatimizda va xorijda Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgani haqida so‘z yuritdi.
Professor Kamal Yavuz Ataman Amir Temurning sarkardalik strategiyasi va jahon tarixidagi o‘rni haqida, shuningdek, “Amir Temur va uning merosi” nomli kitob Amir Temur tavalludining 690 yilligiga turk olimlarining munosib tuhfası ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda ma’ruza qilgan professor-o‘qituvchilar ham Amir Temurning davlat boshqaruvi, harbiy strategiyasi, diplomatiyasi, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ilmiy asoslangan ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.

Mazkur kitobda Turkiya va O‘zbekistondan 37 nafar olimning 33 ta ilmiy va ma’rifiy maqolasi o‘rin olgan. Amir Temurning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni va nufuzi yuksak e’tirof etilgan ilmiy maqolalarda buyuk sohibqironning davlatchilik, tashqi va ichki siyosat, bunyodkorlik, qurilish, madaniyat, san’at va adabiyot, harbiy sohadagi faoliyati keng yoritilgan.

Bugungi kunda kitobning ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi nashri tayyorlanmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *