Navoiy davlat universiteti Iqtisodiyot fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, iqtisod fanlari doktori, professor Saidahror Saidahmedovich G‘ulomov ishtirokida “Yangi O‘zbekiston strategiyasida ta’lim sifati: muammolar va yechimlar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda ilmiy-ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va iqtidorli talabalar ishtirok etdilar. Akademik S.G‘ulomov o‘zining boy ilmiy tajribasi va ko‘p yillik pedagogik faoliyatiga tayangan holda Yangi O‘zbekiston strategiyasi doirasida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar mazmuni, ta’lim tizimidagi mavjud muammolar va ularning samarali yechimlari xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirdi.
Akademik S.G‘ulomov iqtisodiy islohotlar, innovasion rivojlanish va intellektual salohiyatni yuksaltirish masalalari bo‘yicha yurtimizda va xalqaro miqyosda tan olingan yirik olimlardan biri hisoblanadi. Uning ilmiy ishlari zamonaviy iqtisodiyotni rivojlantirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va ta’lim tizimi samaradorligini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Uchrashuv davomida akademik sifatli ta’limni ta’minlashda innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishning o‘rni alohida ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir doirasida Navoiy davlat universiteti va akademik S.G‘ulomov o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, iqtisodiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy ilmiy yutuqlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yana-da kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Tadbir yoshlarda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni yana-da kuchaytirish, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish va kelgusida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etdi.
Navoiy davlat universitetida bunday nufuzli olimlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar ta’lim sifati va ilmiy muhitni yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi.


