2026-yil 24-mart kuni 27-mart — Xalqaro teatr kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida Navoiy davlat universitetida maʼnaviy-maʼrifiy hayotni boyitgan navbatdagi muhim tadbir boʻlib oʻtdi.
Mazkur uchrashuv Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik musiqali teatri jamoasining ijodiy safarlari doirasida tashkil etilib, teatr va sanʼat ixlosmandlari uchun chinakam madaniy bayramga aylandi. Teatr jamoasi haftalik doirasida viloyatda boʻlib, 29-martga qadar oʻz ijodiy dasturlari bilan tomoshabinlarni xushnud etishni rejalashtirgan.
Uchrashuvda Oʻzbekiston xizmat koʻrsatgan artistlar — Turgʻun Beknazarov, Odina Gʻoziyeva, Mehmonali Salimov, Gulchehra Nosirova hamda bir qator taniqli sanʼatkorlar ishtirok etdilar. Ular talabalar bilan samimiy muloqot qilib, oʻz ijodiy faoliyati, sahna sanʼati sirlari va sanʼatga boʻlgan mehr-muhabbatlari haqida qiziqarli fikr va xotiralar bilan oʻrtoqlashdilar.
Tadbir davomida sanʼatkorlar ijrosidagi sahna koʻrinishlari va diltortar qoʻshiqlar talabalarning shoʻx va joʻshqin raqslari bilan uygʻunlashib, kechaga alohida fayz bagʻishladi. Ijodiy ruh, samimiyat va yuksak kayfiyat hukm surgan ushbu uchrashuv yoshlar qalbida sanʼatga boʻlgan qiziqish va mehrni yanada mustahkamladi. https://t.me/NavDU_NavSU/36272
